11/02/2026

 Yurtimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarining ikkinchi bosqichi uyushqoqlik va yuqori saviyada tashkil etilgan holda davom etmoqda. Joriy yilning 4–28-fevral kunlari davomida mahalla vakillari tomonidan xonadonlarga tashrif buyurib, fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar planshet orqali elektron tizimga kiritilmoqda.

Ushbu jarayon zamonaviy axborot texnologiyalari asosida amalga oshirilayotgani ma’lumotlarning aniqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ro‘yxatga olish davomida xonadon a’zolari soni, ularning ijtimoiy holati, shuningdek qishloq xo‘jaligi faoliyatiga oid ko‘rsatkichlar atroflicha o‘rganilmoqda. Yuqori Chirchiq tumani Qorasuv mahallasida ham ishlar qizg‘in pallada. Mahalla “yettiligi” a’zolari va mutasaddi tashkilot vakillari xonadonma-xonadon yurib, aholini ro‘yxatga olish ishlarini sifatli va tizimli ravishda amalga oshirmoqda. Fuqarolar tomonidan ham jarayonga nisbatan mas’uliyat va hamjihatlik namoyon etilmoqda. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, aniq rejalar belgilash va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.