“Biznesni ro‘yxatga olish” tadbirini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazildi

  Yangiyo‘l shahrida Toshkent viloyati statistika boshqarmasi vakillari tomonidan hokim yordamchilari uchun “Biznesni ro‘yxatga olish” tadbirini samarali tashkil etish va o‘tkazishga qaratilgan o‘quv seminar tashkil etildi. Seminar davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-190-son Farmonida belgilangan “Biznesni ro‘yxatga olish” tadbirining mazmun-mohiyati, maqsadi va asosiy vazifalari batafsil tushuntirildi.

  Shuningdek, tadbir doirasida biznes subyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish, ularni belgilangan tartibda ro‘yxatga olish, ma’lumotlarning haqqoniyligi va to‘liqligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘quv seminari davomida hokim yordamchilarining mazkur jarayondagi vazifalari, tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash tartibi hamda aholi va tadbirkorlarga zarur tushuntirishlar berish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

 Seminar yakunida ishtirokchilarning mavzu yuzasidan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, “Biznesni ro‘yxatga olish” tadbirini sifatli va samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.