2026-yil 21-iyul kuni Toshkent viloyati statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi O‘RQ-788-son “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi PF–95-son Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul xodim F. Jo‘rayev mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni va amaliy ahamiyati yuzasidan ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, Prezident Farmonining 4-ilovasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan davlat organlari ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois, Milliy statistika organlari faoliyatiga ham “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun talablari to‘liq tatbiq etiladi.

Yig‘ilish davomida Qonunning 39-moddasi mazmuniga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi ularning shaxsiy va kasbiy salohiyatini rivojlantirish, xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchisini egallab turgan lavozimiga teng bo‘lgan boshqa lavozimga uning roziligi bilan o‘tkazish rotatsiyaning asosiy shakli ekani qayd etildi. Biroq korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida majburiy rotatsiya qo‘llaniladigan lavozimlar ham mavjud bo‘lib, bunday hollarda rotatsiya xodimning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.

Yig‘ilish yakunida Toshkent viloyati statistika boshqarmasida korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan funksiya va lavozimlar ro‘yxatiga aksariyat tarmoq bo‘limlari kiritilgani, shu bois ushbu yo‘nalishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish va ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillarini ta’minlash muhim ekani alohida ta’kidlandi.



