12/01/2026

 Joriy yilning 12 yanvar kuni Oqqo‘rg‘on tuman hokimligi binosida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

 Seminarda tuman hokimining o‘rinbosari O.O‘ktamov, tuman prokurori D.Fayziyev, tuman statistika bo‘limi boshlig‘i X.Chinnibekovlar hamda tegishli mutasaddilar ishtirok etdi. Shuningdek, tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, yettilik a’zolari va mas’ul xodimlar seminarga jalb etildi.

 Tadbir davomida “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi” doirasida amalga oshiriladigan ishlar, xususan, 15–31 yanvar kunlari onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

 Mutasaddilar tomonidan ro‘yxatga olishning maqsad va vazifalari, uning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi. Shuningdek, onlayn ro‘yxatdan o‘tishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularni bartaraf etish mexanizmlari muhokama qilindi.

Seminar yakunida mahalla mas’ullariga aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, fuqarolarni onlayn ro‘yxatdan o‘tishga faol jalb etish hamda belgilangan muddatlarda jarayonlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.