17/12/2025

 🇺🇿 Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni ayrim fuqarolar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmasligi lozim. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi soliq solish, jarima qo‘llash yoki nazorat choralarini kuchaytirish emas.

 Ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan barcha ma’lumotlar statistik ma’lumotlarni shakllantirish, ularni tahlil qilish va umumlashtirilgan holda davlat rejalashtirishida foydalanish maqsadida qo‘llaniladi. Ushbu ma’lumotlar faqat umumlashtirilgan ko‘rinishda e’lon qilinadi hamda alohida shaxsni aniqlash imkonini bermaydi.

 Shuningdek, ro‘yxatga olish davomida taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlar boshqa tashkilotlarga uzatilmaydi. Bu talablar O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi hamda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunlari bilan qat’iy kafolatlangan.

Mazkur qonunlarga muvofiq, ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi barcha mutaxassislar ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlikka ega. Shu bois, fuqarolar ro‘yxatga olish jarayonida hech qanday xavotirsiz ishtirok etishlari mumkin, chunki taqdim etiladigan to‘liq va ishonchli ma’lumotlar kelgusida hududlarni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.