28/10/2025

✅ Joriy yilning 28-oktyabr kuni Astraxan davlat texnika universitetining O‘zbekiston Respublikasi Toshkent viloyatidagi filialida “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent viloyati statistika boshqarmasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i O. Sattorov, shuningdek, universitetning professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdilar.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi PF–173-sonli “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktyabrdagi 629-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.

Suhbat davomida talabalarga 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan ro‘yxatga olish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlandiki, ro‘yxatga olishning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy davomida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshiriladi.

Shuningdek, ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyati, aholi va qishloq xo‘jaligiga oid ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash hamda tahlil qilish usullari, shuningdek, tadbirlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan ham atroflicha tushunchalar berildi.