Mamlakatni rivojlantirish istiqbollarini belgilashda aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va farovonligi, qishloq xo‘jaligi holatini aniqlash juda muhim. Bunda ro‘yxatga olish dolzarb ahamiyatga ega.
Yurtimizda umummilliy ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989-yilda o‘tkazilgan. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida” qonun qabul qilinib, aholini har 10-yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5-yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan.
Shu bois, 2021-yilda aholini, 2022-yilda esa qishloq xo‘jaligini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazildi. Lekin to‘laqonli ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish ma’lum vaqtni taqozo etishi bois, bu tadbir keyinga qoldirilgan edi.




