Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-son qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida, Statistika agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi yangi tarkibda tuzildi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 26-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida Jamoatchilik kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Statistika agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzolari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi markaziy apparat boshqarma boshliqlari ham ishtirok etishdi.
Yigʻilishni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich ochib berib, Jamoatchilik kengashi aʼzolarini tanishtirib oʻtdi.
Yigʻilishda Statistika agentligi tomonidan 2024-yilning 1-choragida bajarilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Dasturga muvofiq, 2024-yilning yanvar-mart oylarida jami 782 ta statistika ishlari belgilangan muddatlarda va toʻliq hajmda bajarildi, shundan 390 tasi Statistika agentligi va uning organlari tomonidan, 226 tasi rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan va 166 tasi boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan bajarilgani yuzasidan axborot berildi.
Statistika agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti kafedrasi mudiri, i.f.d., akademik Saidaxror Gulyamov, Jamoatchilik kengashi aʼzolari тadbirkor, “Korzinka.uz” asoschisi Zafar Hoshimov, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi boʻlim boshligʻi Abdurauf Korjoupov va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Ijtimoiy sohadagi islohotlarni monitoring va tahlil qilish boʻlimi boshligʻi Jamshid Sharipov soʻzga chiqib, statistik maʼlumotlarning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, keng jamoatchilikka yoritish borasida takliflar berishdi.
Yigʻilishda Jamoatchilik kengashining navbatlagi majlisi kun tartibi tasdiqlandi.
Shuningdek, kengashda kun tartibidagi boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi.
Statistika agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi yigʻilishi yakunida kun tartibida belgilangan masalalarning ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.