18/03/2024

Aholini ro‘yxatga olish o‘zi nima uchun kerak?

Ko‘p yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq bo‘lsagina, yuqori samara beradi.

Qo‘limizda har bir hududga doir aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo‘ladi. Aynan shuning uchun bizga butun Respublika yoki viloyatni qamrab oladigan ishonchli ma’lumotlar kerak va ular doimiy  ravishda yangilanib borilishi shart.

Bunday aniq va yaxlit ma’lumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab o‘tmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin.

Aholini ro‘yxatga olish aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumot olishning yagona manbai hisoblanadi.

 Mustaqillik yillaridagi Aholini ro‘yxatga olish uchun  dastlabki  qadam.

Nihoyat  BMT 2015- yilning 10-iyunida “2020- yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga a’zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. Hozir Hamdo‘stlik davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlanib ketgan.

Xususan, O’zbekistonda ham! Prezidentimizning 2019- yil 5- fevraldagi “O’zbekiston Respublikasida 2022- yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF- 5655- sonly Farmoni bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz PF-5655-sonli Farmoni asosida Aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish Konsepsiyasi tasdiqlandi va  ushbu Konsepsiya asosida O’zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib,  2020- yil 16 martda  611-son Qonun  qabul qilindi.

Ushbu Qonun qabul qilingan so‘ng “O’zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11 noyabrdagi  710-son qarori chiqarilgan.

  Vazirlar Mahkamasining ushbu 710-son qarori bilan 2021 yil 1-25 noyabr kunlari Respublikamizning Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida, Xorazm viloyati Xiva shahrida hamda Toshkent shahri Yashnobod tumanida aholini sinov tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazish belgilab berildi va yuqorida qayd qilingan hududlarda sinov tariqasida aholi ro‘yxatdan o‘tkazildi.