18/01/2024

Joriy yilning 18-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida gender statistikasini yuritish masalasida tadbir boʻlib oʻtdi.

1

Tadbirda Statistika agentligi xodimlari hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etishdi.

2

Yigʻilishda dastlab, Statistika agentligi direktori oʻrinbosari Zohidjon Ziyayev soʻnggi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar hamda gender statistikasini yuritish yuzasidan ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

3

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator Marufova Gulnora Mahmudovna gender tenglikni taʻminlashda statistikaning oʻrni, erishilgan natijalarʻ va amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar toʻgʻrisida amaliy misollar asosida tushunchalar berdi.

4

Tadbir davomida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PQ-4235-son “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-son qarori bilan tasdiqlangan “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli koʻrsatkichlari”ni shakllantirish va taqdim etilishi holati boʻyicha ham fikr-mulohazalar almashishdi.

5

Shundan soʻng, gender statistikasi boʻyicha Agentlikning  gender.stat.uz veb-sayti, unda joylashtirib borilayotgan maʼlumotlar, ularning mamlakatimiz reyting koʻrsatkichlarini shakllantirishdagi oʻrni va gender statistikasi boʻyicha koʻrsatkichlar tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Sherzod Abrayev taqdimot qildi.

6

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga Statistika agentligi mutaxassislari atroflicha javob berib oʻtishdi.

Tadbir yakunida gender statistikasi boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish, shakllantirish va uni foydalanuvchilarga eʼlon qilish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan hamkorlikda ishlarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishib olindi.