04/04/2024

2000- va 2010- yillar raundida MDH mamlakatlarining barcha a’zolari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi hududlaridagi ko‘pgina mamlakatlar aholini ro‘yxatga olishda faqatgina an’anaviy usuldan, ya’ni aholi bilan yuzma-yuz so‘rov o‘tkazish usulidan foydalanishgan.

Aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishning so‘nggi 2020- yil raundida esa ko‘pgina mamlakatlar aralash usuldan foydalanishdi. Masalan, MDH davlatlari orasida Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi hamda BMT YeIK hududlarida esa 13 ta mamlakat shular jumlasidandir. Ushbu mamlakatlar aholini ro‘yxatga olishda an’anaviy usul bilan birga, zamonaviy texnologiyalardan, Internet tarmog‘idan, planshet va boshqa mobil qurilmalardan keng foydalanishdi.

Aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish 2020- yil raundi doirasida MDH mamlakatlari hududidagi jami aholining 74 foizi ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 16 foizi Internet tarmog‘i orqali o‘zlari ro‘xatdan o‘tgan hamda qolgan 10 foiz aholining ma’lumotlari turli ma’muriy manbalardan olingan.

Belarus Respublikasida jami ro‘yxatga olingan shaxslarning 76 foizi ro‘yxatga olish xodimlari tomonidan planshet qurilmalari yordamida so‘rov o‘tkazish usulida ro‘yxatga olingan va aholining 22 foizi Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Qolgan 2 foiz aholi ro‘yxatga olishda ishtirok etishdan bosh tortgan, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar ma’muriy manbalardan olingan.

Rossiya Federatsiyasida ham aholini ro‘yxatga olish elektron shaklda o‘tkazilgan. Aholining 18 foizi Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, qolgan qismi ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish orqali planshet qurilmalari yordamida mahalliy dasturchilar tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida ro‘yxatga olingan.

Qozog‘iston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish raqamli shaklda amalga oshirilgan bo‘lib, respondentlarning 40 foizi savolnomalarni Internet tarmog‘i orqali mustaqil ravishda to‘ldirishgan, 60 foizi esa planshet qurilmalari yordamida so‘rov o‘tkazish usuli orqali ro‘yxatga olingan. Bu jarayonda respondentlarning to‘liq ismi, jinsi va tug‘ilgan sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ma’muriy manbalardan to‘ldirilgan.

MDH mintaqasidagi aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish 2020- yil raundini avvalgi raundlarga nisbatan burilish nuqtasi sifatida quyidagilarni alohida e’tirof etish lozim:

  • aholining Internet tarmog‘i orqali savolnomalarni mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatidan faol ravishda foydalanganligi;
  • aholini ro‘yxatga olishning qog‘oz shakllaridan deyarli butunlay voz kechish va aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazishda planshet qurilmalaridan faol foydalanilganligi;
  • aholini ro‘yxatga olishning an’anaviy usuli bilan birgalikda ma’muriy ma’lumotlardan, ya’ni aholi registrlaridan foydalanish aholini ro‘yxatga olish modelini yanada murakkablashganligi;
  • respondentlarning javoblarini qayd etish uchun texnik vosita sifatida oldindan o‘rnatilgan mobil ilovaga ega ro‘yxatga oluvchilarning shaxsiy telefonlaridan foydalanilganligi.

Aholini ro‘yxatga olishning sifati va samaradorligini oshirish maqsadida ro‘yxatga olish jarayonlariga to‘liq axborot texnologiyalari joriy qilindi. Ro‘yxatga oluvchilar ma’lumotlarni real vaqt rejimida elektron qurilmalar orqali uzatganliklari ma’lumotlarni yig‘ish jarayoni to‘liq raqamli amalga oshirilganligini anglatadi. Respondentlarga o‘zlari haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni Internet tarmog‘i orqali yuborish imkoni ham berilgan.

Ta’kidlash kerakki, aholini ro‘yxatga olish mamlakat aholisining aniq sonini, aholi tarkibi va uning yashash sharoitlari haqidagi ma’lumotlarni bilish imkonini beradi. Asosiysi, bu natijalarni turli xil umumlashgan, shaxssizlantirilgan jadvallarda aks ettirish mumkin va ulardan nafaqat butun mamlakat, balki aholining turli toifalari va hududlari bo‘yicha ham tahlil qilishda foydlanish mumkin. Bu avvalgi aholini ro‘yxatga olishdan keyin o‘tgan vaqt davomida ushbu ko‘rsatkichlarning o‘zgarishlar dinamikasini baholash imkonini beradi. Ushbu ma’lumotlar aholining istiqbolli hisob-kitoblari va yaqin yillardagi mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning asosiy xarakteristikalari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.